Qoraqalpog‘istonda havodan ichimlik suvi olish yo‘lga qo‘yildi

 

“O‘zgidromet” tashabbusi bilan Qorakalpog‘iston Respublikasida joylashgan Chimboy tumani meteostansiyasiga atmosfera havosidan ichimlik suvini ishlab chiqarish “atmosfera suv generatori” (Airaqua – 7-ta tozalash filtridan iborat) qurilmasi tajriba (sinov) tarzida ishga tushirildi.

 

Mazkur qurilma ichimlik suvi yetib bormagan va yetkazib berish iqtisodiy jihatdan qimmatga tushadigan hududlarga moslashtirilgan. Ushbu innovatsion texnologiya sinov tariqasida yo‘lga qo‘yildi va undan olinayotgan statistik maʼlumotlardan foydalangan holda respublikamizdagi boshqa meteostansiyalarga o‘rnatish rejalashtirilmoqda.

 

Atmosfera havosi namliklarning ulkan rezervuari ekani hisobga olinsa, atmosfera suv generatorini o‘rnatish atmosfera suvini ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng samarali qurilma deyish mumkin. Shuni taʼkidlash lozimki, ushbu moslama distillangan suvdan xam tozaroq suv olish imkonini beradi.

 

Qurilma atmosfera havosi namligiga va haroratga qarab kuniga taxminan 12 litrdan 30 litrgacha ichimlik suvi yetkazib berish imkonini beradi. Ko‘p quvvat (1 kVt) talab qilmasligi, ixcham, ekologik toza, foydalanishda texnik jihatdan inson hayotiga xavfsizligi uning qulay jihatlaridan biridir.

 

Manba: http://hydromet.uz