ICHIMLIK SUV VA KANALIZATSIYA

ICHIMLIK SUV TA’MINOTI VA KANALIZATSIYA TIZIMLARINI KOMPLEKS RIVOJLANTIRISH VA MODERNIZATSIYA QILISH

 

 

aholining, ayniqsa, qishloq joylarda toza ichimlik suvdan foydalanishini yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

 

tasdiqlanadigan dasturlar doirasida Vazirlikning suv ta’minoti tashkilotlari ishtirokida mavjud suv o‘tkazish va kanalizatsiya inshoot va tarmoqlarini qurish, mavjudlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilishni amalga oshiradi;

 

suv ta’minoti tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy uskunalar, mashina va mexanizmlar, ta’mirlash-foydalanish va o‘lchash texnikasi bilan jihozlashga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

 

ichimlik suvni ishlab chiqarish va texnologik jarayonlari samaradorligini oshirish, belgilangan talablarga muvofiq uning sifatini ta’minlash, ishlab chiqarish jarayoniga energiya va suvni tejaydigan texnologiya hamda uskunalarni joriy qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

 

suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarishning bozor tamoyillariga mos mexanizmlarini joriy etadi;

 

suv ta’minoti tashkilotlarining moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini, ularning xizmatlari uchun narx belgilash tartibini takomillashtirishni ta’minlaydigan sharoitlar yaratadi;

 

hududlararo suv quvurlari tarmog‘ini rivojlantirish masalasida yagona texnika siyosatini shakllantiradi va yuritadi, hududlararo suv quvurlari tarmog‘i faoliyatini muvofiqlashtiradi, ulardan samarali foydalanish, ularni ishonchli va barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi;

 

suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlarini o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha manzilli dasturlar amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi va monitoring qiladi;

 

respublika hududida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’ektlarini loyihalashtirish, qurish, rivojlantirish va rekonstruksiya qilishda yagona siyosat yuritadi;

 

O‘zbekiston Respublikasi Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasining suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlarini, shu jumladan ilg‘or xorijiy tajribadan foydalanib loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish borasidagi ishlarida ishtirok etadi;

 

aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini inobatga olgan holda, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirishning hududiy sxemalarini ishlab chiqadi;

 

suv quvurlari va kanalizatsiya inshootlarida energiya va resursni tejaydigan yangi texnologiya hamda uskunalarni joriy qilishga oid tavsiyalar ishlab chiqishda ishtirok etadi;

 

markazlashtirilgan suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlarini har bir aholi punkti bo‘yicha va umuman, suv ta’minoti tashkilotlari bo‘yicha pasportlashtiradi hamda pasportlashtirish natijalari asosida muntazam yangilanadigan elektron ma’lumotlar bazasini shakllantiradi;

 

ichimlik suv ta’minotiga ulangan barcha toifadagi iste’molchilar uchun zamonaviy hisobga olish priborlarini bosqichma-bosqich o‘rnatish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ning amalga oshirilishini ta’minlaydi;

 

O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasining erosti kafolatlangan ichimlik suv manbalari bo‘yicha xulosasi mavjud bo‘lganda, suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyiha hujjatlarining, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish uslublarini joriy qilish, loyihaga oid maqbul texnik echimlarni qo‘llash borasida texnik topshiriqlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

 

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda, loyiha-qidiruv ishlari, suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlaydi;

 

Ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilishga doir dasturlarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lardan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlaydi.