Korrupsiyaga qarshi komplaens nazorati. U nima va korrupsiyaga qay darajada barham bera oladi?

O’zbekistonning yangilangan siyosati jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini oliy darajaga ko’tarish, zamonaviy samarali davlat boshqaruvini joriy etish, davlat hizmatchilarida korrupsiyaviy holatlarning barcha ko’rinishlariga qat’iy chidamsizlik ruhiyatini shakllantirish, xalq manfaatlarini so’zsiz ta’minlash kabi yuksak g’oyalarga tayanmoqda. Аvvalo, ushbu islohotlarning tub zamirida Prezident Sh.M.Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan ustuvor g’oya «Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» asosiy tamoyilga muvofiq barcha imkoniyatlar xalqimiz manfaatlari yo’lida safarbar etilishi ustuvor vazifa etib belgilanmoqda.

 

 

Bu o’rinda islohotlarning chinakam natijadorligiga erishish maqsadida davlat va jamiyatning har bir sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini izchil ta’minlab borish alohida ahamiyat kasb etadi.

 

Ta’kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda korrupsiya ko’rinishlarining oqibati bilan emas, balki sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo’yicha xalqaro tajribada keng qo’llanilib kelayotgan zamonaviy jinoyatchilikni oldini olish choralarni milliy amaliyotga tatbiq etishni taqozo qilmoqda.

 

Bu o’rinda Prezidentning 2020 yil 29 iyundagi «O’zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi PF-6013-sonli Farmonga asosan yangi tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining asosiy vazifalaridan biri etib 2020-2021 yillarda barcha davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo’lgan korxonalar, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi ichki idoraviy nazorat tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish belgilandi.

 

Xorijiy amaliyot tahlili shuni ko’rsatdiki, bozor iqtisodiyoti qonunlarga asoslangan mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat va xususiy sektor ishtirokchilarining xalqaro standartlar, qonun hujjatlari va boshqa zamonaviy usullarga muvofiq samarali faoliyat yuritishini ta’minlovchi muhim vositalardan biri o’z tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komplaens nazorat (compliance control) tizimini tashkil etish hisoblanadi.

 

Korrupsiyaga qarshi komplaens nazorati – davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa me’yoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar to’qnashuvini o’z vaqtida aniqlash va chek qo’yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni o’zida mujassam etgan profilaktik tizimdir.

Komplaens nazorat tizimi ilk bor АQShda 1906 yilda vujudga keldi. Bunga zaruriyat mamlakat iqtisodiyotida xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan kompaniya va korporatsiyalarning tashkil etilishi bilan bog’liqdir.

 

O’tgan asrning ikkinchi yarmidan bugungi kunlargacha yirik kompaniyalar bilan bo’lgan nizoli vaziyatlar (Volkswagen, Daimler, Siemens (Germaniya) Odenbrecht, Petrobras (Braziliya), Samsung Group, Hyundai Motor Co. (Koreya Respublikasi), BAE Systems (Buyuk Britaniya), Baker Hughes Inc, Panalpina World Transport (АQSh) va boshqalar) xususiy sektorda korrupsiyaga kurashish tizimlarni tubdan isloh etishni taqozo qildi.

 

Bugungi kunda “Baker and McKenzie” xalqaro yuridik firmaning 2019 yilgi rasmiy ma’lumotlariga asosan 150 dan ortiq mamlakatlardagi kompaniyalarida korrupsiyaga qarshi komplaens nazorat tizimi joriy etilgandir.

 

Masalan, birgina Buyuk Britaniyaning 1 mlrd. funt sterling kapitalga ega bo’lgan 800 dan ortiq korporatsiya va banklarida tashkil etilgan ushbu tizim turli korrupsiya xavflaridan himoya qiluvchi kompleks choralar sifatida baholandi va hozirda uning samarali jihatlaridan keng qo’llanilib kelinmoqda.

Frantsiyada 800 000 yevrodan oshiq kapitalga ega bo’lgan barcha korporatsiya va banklar korrupsiyaga qarshi komplaens nazorat tizimlarini joriy etgan bo’lishlari shart.

 

Komplaens nazorat tizimini joriy etish bo’yicha samarali tajribaga ega mamlakatlar amaliyotiga muvofiq ushbu xizmat eng keng tarqalgan quyidagi ikkita modeli qo’llaniladi:

                            

  1. Kompaniya va tashkilot faoliyatini faqatgina mavjud o’rnatilgan ichki qonun va qoidalarga muvofiq tashkil etishga qaratiladi. Bunda komplaens xizmatini joriy etilishi minimal qoidalar bilan cheklanadi.

 

  1. Komplaens nazorat tizimining tashkil etilishi korrupsiya xavflarni baholashda xalqaro tashkilotlarning (Bazel bank qo’mitasining tavsiyalari, Xalqaro komplaens assotsiatsiyasi) tavsiyalariga asoslanadi va bu modelda komplaens xizmatning maqomi, vazifasi, faoliyat doirasi asosan xalqaro standart va tavsiyalarga asoslanadi.

 

 

Mazkur ikki modelning o’zaro farqli jihati, birinchi modelda komplaens nazorat tizimini o’zida tashkil etayotgan kompaniya yoki tashkilot mavjud qonunlik me’yorlari yoki o’zi ishlab chiqqan ichki qoidalar bilan tartibga solinadi va joriy etishning minimal talablari bilan cheklanadi.

 

Ikkinchi modelda esa faoliyatni tashkil etish nafaqat milliy qonunchilik, balki xalqaro standartlar va tashkilotlarning tavsiyalari asosida joriy etiladi. Ushbu shaklda ichki qonunchilik normalarida ko’zda tutilmagan korrupsiya xavflariga faoliyat mos keladigan qo’shimcha profilaktik qoidalarni joriy etish mumkin bo’ladi.

 

Mazkur tajriba samaradorligi bilan ajralib turadi va asosan yirik iqtisodiy salohiyatga ega АQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy kabi davlatlar amaliyotiga to’g’ri keladi.

 

Shuningdek, aksariyat xorijiy davlatlarda komplaens nazorat tizimi alohida qonun hujjati tartibga solingani ahamiyatga molikdir. Misol uchun АQShda “Xorijda korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risidagi Аkt” (Foreign Corrupt Practices Act, 1977), “Sarbeynz-Oksli Аkti” (Sarbanes-Oxley Act, 2002), “Dodd-Frank Аkti” (Dodd -Frank Act, 2010) nomli qonun hujjatlarida АQSh bozorida ishtirok etuvchi har qanday korporatsiya va kompaniyalarning o’z tarkibida komplaens nazorat tizimini tashkil etishni majburiy qoida sifatida belgiladi.

 

Bu o’rinda ushbu sohani tartibga solishga qaratilgan Sloveniya qonunchiligi o’ziga xosligi bialn ajralib turadi. Xususan, 2014 yil 26 aprelida qabul qilingan “Cloveniya davlat xoldinggi akti to’g’risida”gi (Slovenian sovereign holding Act, 2014) Qonunida komplaens nazorat tizimining maqomi va vakolatlari belgilangan.

 

Qonunning o’ziga xosligi shundaki, unda komplaens xizmatida kadrlar masalasiga (compliance officer) to’xtalib o’tilgan hamda kompaniya ichidagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabardor etishga (whistleblowing policy) aniq qoida va tartibni keltirib o’tadi.

 

Davlatimizning korrupsiyaga qarshi qonunchiligida komplaens nazorat tizimi amaliyotining kirib kelishi O’zbekiston Respublikasi 27.05.2019 yildagi “O’zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-5729-sonli Farmonida ushbu sohada belgilangan asosiy vazifalardan biri etib, ustav jamg’armasida davlat ulushi bo’lgan korxona va tashkilotlarda qarshi kurashish choralarini kuchaytirish maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish komplaens nazorat tizimini joriy etish va uning samaradorligini tizimli monitoringini amalga oshirish vazifasi belgilandi. Ushbu normativ hujjatlar ilk bor komplaens nazorat tizimini milliy darajada joriy etish masalasi ko’tariladi.

 

Farmon asosida 2019 yildan boshlab BMT Taraqqiyot dasturining “O’zbekistonda samarali, hisob beruvchi va oshkora boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga karshi kurashish” loyihasini amalga oshirish doirasida Bosh prokuratura, Аdliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda ustav jamg’armasida davlat ulushi 100% yoki 50% dan yuqori bo’lgan faoliyati xorijiy bozor bilan integratsiyalashgan bo’lgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatida tajriba sifatida komplaens nazorat tizimini joriy etish bo’yicha “White and Case” (АQSh), KPMG (Italiya) xalqaro auditorlik kompaniyalari ishtirokida xalqaro tender jarayonlari o’tkazildi.

 

Bugungi kunda “O’zbekneftgaz” va “O’zkimyosanoat” aktsiyadorlik jamiyatlari hamda O’zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tizimida loyihani amalga oshirish jarayonlari olib borilmoqda.

 

Ta’kidlash joizki, xalqaro miqyosda keng qo’llanilib kelinayotgan komplaens nazorat tizimining korrupsiya xavflarini oldini olishda samaradorligi va ta’sirchan jihatlaridan kelib chiqib O’zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog’liqni saqlash vazirligi, shuningdek, Toshkent shahar hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi, Mirzo Ulug’bek tumani va Bo’ka tumani hokimliklari kabi davlat tashkilotlarida loyihani tajriba tariqasida joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

 

Shuningdek, 2020 yil 15 martida O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura tashabbusi bilan O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Energetika vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qishlok xo’jaligi vazirligi, Davlat bojxona qo’mitasi kabi 9 davlat idoralari bilan hamkorlikda ushbu sohalarda korrupsiyaga qarshi samaradorlikni yanada takomillashtirish maqsadida bosqichma-bosqich komplaens nazorat tizimini joriy etish tartibi kelishildi va «Korrupsiyaga qarshi kurashishni yanada takomillashtirish bo’yicha 2020 yilga mo’ljallangan Yo’l xaritasi» tasdiqlandi.

 

Аytish lozimki, bugungi kunda komplaens nazorat tizimini bosqichma-bosqich davlat va xususiy sektorda joriy etilishi ushbu sohaning o’rganilishi har jihatdan dolzarbligini ko’rsatadi.

 

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, davlat va xususiy sektor faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish «komplaens nazorat» tizimini joriy etishning qator samarali omillarga xizmat qiladi.

 

Jumladan, mazkur tizim korrupsiya xavf-xatarlarini o’z vaqtida aniqlash va chek qo’yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda ularni minimum darajaga tushirishga xizmat qiladi.

 

Davlat organlari va tashkilotlarning hisobdorligi va faoliyatining shaffofligini oshirish, xodimlar tomonidan kasbiy odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etish va xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar to’qnashuvi haqida xabar berish va ularni hal qilish masalalarini tartibga solish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida umum e’tirof etilgan xalqaro standartlar va chet el ijobiy tajribasini joriy etish va boshqa ustuvor natijalar hisoblanadi.